Qoidabuzarning «aka»si «ishni hal qilaman» deb shu ko‘yga tushdi
Ichki ishlar vazirligining O‘z xavfsizligi boshqarmasi Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limiga viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati bataloni 3-otryadi xodimlariga fuqaro tomonidan pora taklif qilinayotganligi holati yuzasidan tezkor ma’lumot kelib tushgan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil 6-dekabr kuni soat 13:00da Nurobod tumani hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan A-378 avtomobil yo‘lining 35 kilometri bo‘ylab «Neksiya-2» rusumli davlat raqam belgisisiz avtomashina qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan paytda YPX xodimlari tomonidan to‘xtatiladi.
Haydovchiga to‘xtatish sabablari tushuntirilib, undan tegishli hujjatlarni taqdim etish so‘raladi. Ammo o‘zini Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Chuvilloq qishlog‘ida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan J.B. deb tanishtirgan haydovchi barcha zarur hujjatlar uyida qolib ketganini bildiradi. Shu bois ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtiriladi.
Shu kuni soat 18:30larda Pastdarg‘om tumanidagi «Charxin» qo‘rg‘onida joylashgan viloyat IIB YHXB YPXB 3-otryadi ma’muriy binosiga, mazkur otryad 1-safarbar guruhi inspektori, katta serjant F.Muhammadiyevning oldiga o‘zini haydovchi J.B.ning akasi R. deb tanishtirgan fuqaro keladi. U ukasiga tegishli bo‘lgan avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib berish va sodir qilgan qoidabuzarligi o‘rniga yengil turdagi qoidabuzarlikni ma’muriy bayonnomaga kiritib berishni so‘rab, bu «xizmat» evaziga 400 AQSh dollari miqdoridagi pora taklif qiladi. Katta serjant Muhammadiyev fuqaro R.ga bu harakati qonunga zid ekanligini qanchalik uqtirmasin, u taklifini takroran bildirib, ertaga kelishini aytib chiqib ketadi.
Katta serjant F.Muhammadiyev suhbatni mobil telefon apparatiga yozib oladi va viloyat IIB boshlig‘i nomiga tezkor tadbir o‘tkazishni so‘rab, bildirgi bilan murojaat qiladi.
Ushbu bildirgi asosida 7-dekabr kuni soat 14:00larda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1975-yilda tug‘ilgan, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Chuvilloq qishlog‘ida yashovchi R.Sh. viloyat IIB YHXB YPXB 3-otryad maskanida katta serjant F.Muhammadiyevga 1750000 so‘m va 200 AQSh dollarini pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Pastdarg‘om tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter