O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini rivojlantirish uchun yangi jamg‘armalar tuziladi
Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish hududiy maqsadli jamg‘armalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, respublika jamg‘armasi daromadlari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
- umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va to‘la ta’mirlash, Jihozlash va boshqa yo‘l ishlari bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan har yili ajratiladigan maqsadli mablag‘lar;
- O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 30 yil davomida uzish sharti va 5 yillik imtiyozli davri bilan ajratiladigan foizsiz kreditlar shaklida, 2020-yilda 50 mln. AQSh dollari va 2021-2024-yillarda har yili 100 mln. AQSh dollari;
- umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini joriy ta’mirlash, saqlash, qishki qarov va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini moliyalashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlarning mahalliy budjetlaridan har yili ajratiladigan maqsadli mablag‘lar;
- qonunchilikda ta’qiqlanmagan boshqa manbalar.
Hududiy jamg‘armalar quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
- Mintaqaviy yo‘llarda loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish uchun mahalliy budjet va uning qo‘shimcha manbalaridan har yili ajratiladigan maqsadli mablag‘lar;
- Mintaqaviy yo‘llarni rivojlantirish uchun mahalliy vakillik hokimiyati organlari tomonidan joriy etiladigan maxsus yig‘imlar;
- avtomobil yo‘llari va ko‘chalari bo‘ylab avtomobil saqlash joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
- transport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun yig‘imning bazaviy stavkasiga qo‘shimcha koeffitsiyentlarni qo‘llashdan tushadigan mablag‘lar;
- Respublika jamg‘armasidan maqsadli transfertlar;
- umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining ajratilgan mintaqalarida joylashgan yer uchastkalarida va inshootlarida tashqi reklama ob’yektlari (konstruksiyalari) qurish uchun elektron auksionlar yakunlari bo‘yicha huquq taqdim etishdan tushadigan mablag‘lar, shuningdek, tashqi reklamaning o‘rnatilgan ob’yektlari (konstruksiyalari) uchun oylik to‘lovlarning 60 foizi miqdoridagi mablag‘lar;
- umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining yo‘l bo‘yi mintaqasida joylashgan yer uchastkalarida ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish, savdo, servis ob’yektlari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatining boshqa ob’yektlarini joylashtirish va qurish uchun mazkur yer uchastkalaridan foydalanish huquqini realizatsiya qilishdan tushadigan mablag‘larning 60 foizi miqdoridagi mablag‘lar;
- qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa manbalar.
Qaror loyihasi muhokamasi 25 yanvargacha davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter