Nega postlarda qurolli harbiylar turibdi? Tadbirkorlarga stikersiz yurishga ruxsat beriladimi? IIV javob berdi

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
— Tashkil etilgan postlarda nega qurollangan harbiylar turishibdi? Bu aholida vahima uyg‘otyapti. Bizda urush bo‘lmayaptiku?
— Ushbu zarurat, respublikamiz hududida koronavirus pandemiyasi tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatda avvalo, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash va mazkur kasallikning mamlakatimiz bo‘ylab keng tarqalib ketishini oldini olish hamda nazoratdan chiqmaslikni ta’minlash maqsadida belgilangan chora-tadbirlardan biridir.
Bu holatni normal qabul qilishni hamda belgilangan tartib-qoidalarga to‘liq rioya etgan holda, o‘zingiz va oilangiz xavfsizligi nuqtai nazaridan yondashishingizni maslahat bergan bo‘lardik.
— Issiqxonamda yetishtirilgan mahsulotlarni shaxsiy mashinamda bozorga olib borsam bo‘ladimi?
— Maxsus komissiyaning 2020 yil 11 apreldagi 18-son Bayoniga ko‘ra, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini bozorga yoki oziq-ovqat do‘konlariga M1 yoki M2 toifadagi shaxsiy transport vositangizda olib borishingiz mumkin.
— Surunkali kasalligi bor bemorlar shifokor yo‘llanmasi bilan shaxsiy mashinasida kasalxonaga borishi mumkinmi?
— Haqiqatan surankali kasallik va shifokorning tegishli yo‘llanmasi yoki ma’lumotnomasi mavjud bo‘lsa, shaxsiy transport yoki boshqa transportdan foydalanish mumkin.
— Toshkentda yaqin kunlarda (20 apreldan) barcha tadbirkorlarga avtomobilda stikersiz yurishga ruxsat beriladi, degan mish-mishlar yuribdi. Bu rostmi?
— Hozirgi vaqtda bu masalada hech qanday maxsus hujjat yo‘q. O‘zgarishlar bo‘lsa, albatta xabar beramiz.
— Mahbuslarning jazoni o‘tash muddati tugasa, karantin sabab ozodlikka chiqarish kechiktiriladimi?
— Ular mahbus emas, mahkum deyiladi. Ozodlikka chiqarish kechiktirilmaydi. Sudning qarori asosida, jazo muddatini o‘tab bo‘lgan mahkumni ozod etishdan oldin, tibbiyot xodimining tegishli tibbiy ko‘rigidan o‘tkazib, zaruriy tibbiy sanitar anjomlar bilan ta’minlangach, unga ozod etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma taqdim etiladi. Shundan so‘ng, uni doimiy yashash manziliga yetib borishi uchun zaruriy pul mablag‘i bilan ta’minlanadi. Ushbu shaxsning yashash joyi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi probatsiya xizmati xodimlariga bu haqda xabar beriladi.
— Onam onkologiya shifoxonasida. Doktor deyarli har 2-3 kunda dorilar yozib beradi. Bu dorilarni olib kelish uchun men 8 km masofani piyoda bosib o‘tyapman. Shu dorilarni olib borishim uchun shaxsiy transportdan foydalansam bo‘ladimi?
— Mazkur holatda, haqiqatan ham onangiz tibbiyot maskanida davolanayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va tibbiyot xodimlari tomonidan tavsiya etilgan dori-darmonlar uchun yo‘llanma (retsept) mavjud bo‘lgan taqdirda, siz shaxsiy avtotransportingizdan foydalanishingizga yo‘l qo‘yiladi.
Mazkur savolga o‘xshash mazmundagi boshqa savollar ham borligi uchun fuqarolarimizga shuni ma’lum qilamizki: bunday holatlarda kasallik haqidagi tibbiyot xodimining tegishli ma’lumotnomasi va dori-darmon olish uchun yo‘llanmasi asosida, fuqarolarga o‘zlariga tegishli avtotransport vositalarida tibbiyot muassasalariga borib-kelishlariga yo‘l qo‘yiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter