Bayden Xitoy elektromobillaridan qo‘rqmoqda
U Xitoyni elektromobillar yordamida maxfiy ma’lumotlarni yig‘ishda gumon qilgan.
AQSh prezidenti Jo Bayden Savdo vazirligiga Xitoy avtomobillari, jumladan, elektr transport vositalari milliy xavfsizlikka tahdid solayotganligini tekshirish va o‘rganishni buyurdi, deb yozadi Financial Times (FT).
Shu bilan birga, prezident o‘z ma’muriyati Xitoyning bunday avtomobillarni eksport qilish orqali milliy xavfsizlikka putur yetkazishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ko‘rishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni belgilashni topshirdi.
«Xitoy siyosati bizning bozorimizni o‘z avtomobillari bilan to‘ldirishi, bu esa milliy xavfsizligimizga tahdid solishi mumkin. Men bunga yo‘l qo‘ymayman», — dedi davlat rahbari tekshiruv boshlanganini e’lon qilar ekan.
Bayden Xitoy avtomobillarini «g‘ildirakli smartfonlar»ga qiyosladi va ular AQSh fuqarolari va infratuzilmasi haqidagi nozik ma’lumotlarni to‘plashi hamda Xitoy rasmiylariga yuborishi mumkinligidan xavotir bildirdi. U, shuningdek, Xitoy rasmiylari Xitoyda ishlab chiqarilgan avtomobillarga masofadan kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmadi.
AQSh rasmiylari bir necha yillardan beri Amerika bozorini Xitoy avtomobillari egallashi xavfi haqida gapirib kelmoqda. Hatto ko‘plab Amerika kompaniyalari Xitoyda avtomobil ishlab chiqaradi va keyin ularni AQShga eksport qiladi.
2023 yilda Xitoydan AQShga eksport qilinadigan elektr transport vositalarining deyarli uchdan bir qismini Shanxaydagi Tesla zavodida ishlab chiqarilgan Tesla avtomobillari tashkil etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter