Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Allamjonov yana bir hududda haydovchilik guvohnomasi bilan bog‘liq korrupsiyani yo‘qotishga va’da berdi

Allamjonov yana bir hududda haydovchilik guvohnomasi bilan bog‘liq korrupsiyani yo‘qotishga va’da berdi

Bugun Ohangaronda haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish bo‘yicha «Toshkent viloyati imtihon markazi»ning rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda g‘oya muallifi Komil Allamjonov, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Murod Sherliyev, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Qatnashchilar oldida chiqish qilar ekan, Komil Allamjonov Toshkentda guvohnoma olish bilan bog‘liq korrupsiyaga chek qo‘yilganiga e’tibor qaratdi.

— Bugun Toshkentda guvohnoma olish bilan bog‘liq korrupsiya holatlari nolga tenglashtirildi. Haydovchilik guvohnomasini olishdagi turli qo‘ng‘iroqlar, tanish-bilishlarni ishga solish – bularning barchasiga barham berildi. Va bugun Toshkentda faqat bilimi borlar haydovchilik guvohnomasini olib, yo‘lga chiqmoqda. Men bugun barcha yig‘ilganlar oldida va’da beramanki, kelgusida Toshkent viloyatida ham qo‘ng‘iroqlar yoki tanish-bilishchilik orqali korrupsiyaga yo‘l qo‘yish holatlariga chek qo‘yiladi. Bu tizim aynan shu maqsadga xizmat qiladi va shunday natijani beradi.

Ochilgan Markaz har kuni nazariy imtihon topshirishni istagan 600 nafardan ortiq nomzodni va haydash mahorati bo‘yicha imtihon topshirishni istagan 250 nafar kishini qabul qilish imkoniyatiga ega.

Hozirgi paytda Markaz xizmatlari uchun quyidagi narxlar belgilangan:

  • birinchi marotaba nazariy imtihon topshirish uchun — 150 ming so‘m;
    - nazariy imtihon topshirishga bo‘lgan keyingi har bir urinish uchun — 250 ming so‘m;
    - nazariy imtihondan so‘ng darhol amaliy imtihonni topshirish uchun — 150 ming so‘m;
    — amaliy imtihon topshiriga bo‘lgan keyingi har bir urinish uchun —250 ming so‘m.

Jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan, bunda eng muhim jihat elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minotning kafolatlanganligidir — Markaz o‘z generatoriga ega. Shu tariqa, mabodo tashqaridan elektr energiyasi o‘chirilsa, imtihonlar davom etadi va hech bir ma’lumot yo‘qotilmaydi. Yuqori quvvatli UPS esa uzluksiz kuzatuvni kafolatlash imkoniyatini beradi.

Yana bir muhim jihatlardan biri Markazning inklyuzivligidir. Bu yerda imkoniyatlari cheklangan odamlarning ehtiyojlari hisobga olingan. Ular uchun maxsus avtomobil mavjud, shuningdek, mos maishiy sharoitlar yaratilgan.

Markazga kelgan nomzodga individual QR-kod beriladi, buning natijasida u topshirayotgan imtihonning har bir bosqichi qayd etiladi. Nazariy imtihondan o‘tish uchun 20 ta savoldan kamida 18 tasiga to‘g‘ri javob berish kerak. Bunga 25 daqiqa ajratiladi. Agar imtihonning ushbu qismi muvaffaqiyatli topshirilsa, nomzod haydash mahoratidan imtihon topshirishi mumkin. Kutish zalida unga ko‘rsatmalar beriladi, shuningdek, qaysi mashqlarni va qanday ketma-ketlikda bajarish kerakligi to‘liq tushintirilgan videoko‘rsatma ham mavjud. Agar jarima ballari 99dan oshmasa, imtihon topshirilgan hisoblanadi. Agar amaliy qism topshirilmasa, uni nazariy imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan kundan boshlab 2 oy ichida 7 kunlik oraliq muddat bilan bir necha marta qayta topshirish mumkin.

Amaliy imtihonni topshirish uchun uchta maydonga bo‘lingan avtodrom mavjud. Birinchi maydonda B, C va D kategoriyasi, ya’ni yengil avtomobillar, yuk mashinalari va avtobuslarni boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olishga nomzodlar imtihon topshiradi. Ikkinchi maydonda esa A kategoriyasi — mototransportni boshqarish huquqini qo‘lga kiritishni istaganlar o‘zining amaliy ko‘nikmasini namoyish etadi. Uchinchi maydon BE, CE va DE kategoriyasi — tirkamali transport vositalarini boshqaruvchilar uchun mo‘ljallangan.

Avtodromlardan imtihonlarda, ekspress-kurslarda tayyorgarlik ko‘rishda foydalaniladi, shuningdek, bu yerda bir martalik “Test-drayv” xizmati ham mavjud.

Imtihonlarning har ikkala bosqichini muvaffaqiyatli topshirgandan so‘ng, sertifikat beriladi. Bu sertifikat bilan YHXBga murojaat qilish kerak. Sertifikat YHXBning ma’lumotlar bazasida tekshirilgandan so‘ng, haydovchilik guvohnomasi beriladi.

Jurnalist va blogerlar nazariy va amaliy testdan o‘tib, markaz faoliyatini shaxsiy tajribasida tekshirib ko‘rishga muvaffaq bo‘lishdi. Viloyat rahbari ham o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Zoyir Mirzayev ruxsat etilgan 99 jarima ballidan 80 ball to‘plab, imtihonni muvaffaqiyatli topshirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring